Mamlakatimiz mustaqillikning dastlabki yillaridanoq vagonsozlikni rivojlanish, modernizatsiya qilish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish yo‘lida samarali ishlar olib borildi. O‘zbekiston temir yo‘llari tarkibidagi yirik sanoat korxonalari vagonsozlik (yuk va yo‘lovchi vagonlari)ni o’zlashtirdi, ishlab chiqarishni modernizatsiya qildi, vagonlarni ta’mirlash yo‘lga qo‘yildi, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hamda butlovchi qismlarni ishlab chiqarish boshlandi.
Ma’lumki, vagonlarni ta’mirlash jarayoni uning murakkabligiga qarab depoda yoki yirik sanoat korxonalarida amalga oshiriladi. Yuk vagonlarini kapital ta’mirlash va ularning xizmat muddatini uzaytirish ishlari alohida ahamiyatga ega. 2000-yillarning boshlaridan vagonsozlik sohasida “O‘ztemiryo‘lmashtamir” unitar korxonasining ikkita yirik korxonalari, ya’ni “Andijon mexanika zavodi” hamda “Quyuv-mexanika zavodi” sho‘ba korxonalari tez rivojlana boshladi.
O‘rta Osiyodagi yuk vagonlarini qurish va ularning xizmat muddatini uzaytirish, ta’mirlash ishlari eng yirik zavod – Andijon mexanika zavodi (1992 yilda O‘zbekiston temir yo‘l ma’muriyati tarkibiga kirgan) negizida boshlandi. Aynan shu davrda zavodning rivojlanishi yangi bosqichga chiqdi, ishlab chiqarish quvvati oshdi, mahsulot turi kengaytirildi, zavodda yangi zamonaviy sexlar ishga tushirildi, yangi ish o‘rinlari ochilib Farg‘ona vodiysidagi mutaxassislar ish bilan ta’minlandi.

Bugungi kunda zavodda 1200 nafardan ortiq mutaxassislar va ishchilar yangi sisterna-vagonalar ishlab chiqarishmoqda, bundan tashqari, vagonlarning asosini (metallning butunligini va eskiligini) diagnostika qilishning o‘ziga xos jarayoni yaratildi. Yuqori sifatli diagnostika yopiq hamda yarim yopiq vagonlarni kapital va xizmat muddatini 5 yildan 16 yilga uzaytirishga imkon beradi. Ushbu jarayon yuqori malakali xodimlar tomonidan zamonaviy jihozlangan laboratoriya sharoitida amalga oshirilmoqda. Shuni ta‘kidlash lozimki, zavod xalqaro sifat sertifikatlariga ham ega, uzaytirilgan muddatga kafolat beriladi. Shuningdek, korxona har xil modifikatsiyali yuklarni tashish uchun barcha turdagi yuk vagonlarni, shuningdek sement va mineral o‘g‘itlar tashiydigan vagonlarni, universal platformali vagonlarga ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Zavodda kapital ta’mirlash hajmi yiliga har xil turdagi 600 dan ortiq yuk vagonlarini tashkil etadi.
