KO‘P ASRLIK, BARQAROR VA ZAMONAVIY KORXONA

Markaziy Osiyo tarixini qanchalik chuqur va asosli o‘rganilsa, ushbu mintaqaning jahon madaniyati va maʼrifati rivojiga beqiyos hissa qo‘shganligining guvohi bo‘lamiz. O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyoti va sanoati shakllanishining qadimiy markazlaridan biri hisoblanadi. Bu shaharda asrlar davomida turli xalqlar va millatlar tarixining mohiyatini aks ettiruvchi ko‘plab sanoat korxonalari joylashgan, ularning eng yiriklaridan biri Toshkent teplovoz taʼmirlash korxonasi bo‘lib, 2000 yilda u «Asr tengdoshi» faxriy nomini olgan. “O‘ztemiryo‘lmashta‘mir” unitar korxonasi O‘zbekiston Respublikasidagi eng ko‘hna, Markaziy Osiyoda esa o‘ziga xos tarzda jadal rivojlanayotgan sanoat korxonalaridan biridir. Bu noyob tarixga ega bo‘lgan respublikamizdagi birinchi sanoat korxonalaridan sanaladi.

U o‘z tarixi mobaynida hunarmandchilik sexlaridan tortib, eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan qudratli sanoat korxonasigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Toshkent teplovoz taʼmirlash zavodi 1900 yil 10 may kuni O‘rta Osiyo temir yo‘lining Bosh ustaxonasi sifatida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda zamonaviy talablarga javob bera oladigan yirik sanoat korxonasiga aylandi.